Ishonch telefoni
Bosh sahifa » Bo'lim haqida / Bo'lim faoliyati » GEPATIT QANDAY KASALLIK?

GEPATIT QANDAY KASALLIK?

Вчера, 09:34
4
Gepatitning o‘tkir va surunkali turlari mavjud. O‘tkir gepatit bilan kasallangan inson jigari qayta tiklanishiga imkon berish uchun bir yilgacha qat’iy parhezda bo‘lishi, spirtli ichimliklardan tiyilishi kerak. Surunkali gepatit o‘limga olib keluvchi jigar sirrozi va saratoni kabi kasalliklar asoratiga sabab bo‘lishi mumkin.

Gepatit bilan qanday kasallanish mumkin?

Asosan, ushbu kasallik virus yuqishi tufayli rivojlanadi. Bundan tashqari, gepatit o‘tkir zaharlanish, xususan, spirtli ichimlik fonida ham rivojlanishi mumkin.

Gepatitning A, B, C va boshqalari nimasi bilan farq qiladi?

Gepatit A — eng ko‘p uchraydigan, ammo boshqalariga nisbatan xavfsizroq kasallik turi hisoblanadi. U deyarli doim o‘tkir kechadi va surunkali bo‘lmaydi, o‘limga va boshqa turlarga nisbatan jiddiy oqibatlarga olib kelmaydi. Ushbu kasallik «kir qo‘llar kasalligi» deb ham ataladi. Virusni, asosan, kirlangan suv, taom, yaxshi yuvilmagan idish hamda kasallangan odam bilan kontaktda bo‘lish orqali yuqtirish mumkin. Gepatit A bilan kasallanmaslikning eng oson yo‘li unga qarshi emlanishdir.

Gepatit B — kasallik turlari orasida eng xavflisi hisoblanadi. Yiliga ushbu kasallikdan 700 minglab inson vafot etadi. Hozirgacha ham kasallik qo‘zg‘atuvchisiga bevosita ta’sir qiladigan preparat mavjud emas. Davolash muolajalari jigarni yaxshilash va sirrozga aylanishining oldini olish hisoblanadi. Kasallik qon va odam organizmidan ajraladigan boshqa suyuqliklardan yoki onadan homilaga o‘tadi. Agar kasallangan odamning bir tomchi qoni hovuzga tushsa, undagi suv zararlanish xavfi bo‘ladi.

Gepatit C — «Muloyim qotil» deb ta’rif beriladigan ushbu kasallik turi ham ko‘pincha jigar sirrozi yoki saratoniga sabab bo‘lishi mumkin. Kasallik, asosan, qon orqali, ya’ni ehtiyotsizlik sabab stomatolog, manikyur va boshqa amaliyotlarda qon tekkan buyumdan boshqa bir insonga yuqishi mumkin. Shuningdek, tish cho‘tkasi yoki soqol oladigan uskuna ham virus yuqishi uchun sabab bo‘ladi.

Gepatit D — shifokorlar tomonidan «superinfeksiya» deb ataladigan gepatit D organizmda gepatit B virusi bo‘lgandagina ko‘payadi. Aksar hollarda kasallik bilan zararlanish qon quyganda yoki giyohvandlarning shprislari orqali yuqishi kuzatiladi. Onadan homilaga yuqishi ham mumkin. gepatit B ga chalingan bemorlar gepatit D yuqishiga moyil bo‘ladi. Gemofiliya kasalligi bor kishilar giyohvandlarning kasallikka chalinish ehtimoli yuqori. Bir vaqtning o‘zida gepatitning A va B turlariga chalinish holatlari ham uchrab turadi. Zararlangandan keyin kasallik rivojlangunicha gepatit B singari 1 oydan 6 oygacha vaqt o‘tishi mumkin.

Gepatit E — gepatit A singari E turi ham deyarli surunkali kechmaydi. Ammo ayol homiladorligining so‘nggi uch oyida ushbu virusni yuqtirib olsa, o‘lim ehtimoli 40 foizni tashkil etadi.

Gepatit bilan zararlanmaslik uchun nima qilish kerak?

Gepatitning vaksinasi bor turlariga qarshi emlaning. Shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qiling. Tibbiyot muassasalari va go‘zallik salonlarida bir martalik asboblardan foydalanish va ularni sterilizatsiyalanganiga e’tiborli bo‘ling. Iloji boricha bir yilda bir marta gepatitga qon tahlili topshiring. Gepatitning ba’zi turdagi viruslari qonga tushganidan keyin 20 yilgacha o‘zini namoyon qilmasligini unutmang.

O‘z salomatligingizga befarq bo‘lmang! 
Ctrl
Enter
Xatoligni aqniqladingizmi?
Matnni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing.