⚠️ YaNGI YIL OLDIDAN OZIQ-OVQAT XAVFSIZLIGI — HAR BIR FUQARONING MAS’ULIYaTI!
Yangi yil bayrami arafasida aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabi keskin ortib bormoqda. Shu munosabat bilan Xorazm viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi fuqarolarni oziq-ovqat xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqiradi.
❗️ Belgilanmagan joylarda, ochiq havoda va sanitariya talablariga javob bermaydigan sharoitlarda sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini, ayniqsa uy sharoitida tayyorlangan sabzavot va mevali konservalarni xarid qilish va iste’mol qilish qat’iyan tavsiya etilmaydi. Bunday mahsulotlar og‘ir oziq-ovqat zaharlanishlari, ichak infeksiyalari hamda hayot uchun o‘ta xavfli bo‘lgan botulizm kasalligini keltirib chiqarishi mumkin.
🥩🥛 Tez buziluvchi go‘sht, parranda, sut va sut mahsulotlari, baliq hamda qandolat mahsulotlarini faqat sovutgich uskunalari mavjud, sanitariya talablariga to‘liq javob beradigan savdo nuqtalaridan xarid qiling. Sovutgichsiz yoki noto‘g‘ri saqlangan mahsulotlar inson salomatligi uchun o‘ta xavflidir.
🛒 Oziq-ovqat xaridida mahsulotning ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati, qadoqning butunligi hamda tashqi ko‘rinishiga alohida e’tibor qarating. Muddati o‘tgan yoki yorlig‘i mavjud bo‘lmagan mahsulotlardan qat’iy voz keching.
🍔🌭 Bayram kunlari ko‘chalarda ochiq havoda tayyorlanib sotilayotgan shashlik, gamburger, xot-dog, gumma kabi tez tayyorlanadigan ovqatlarni iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Chunki bunday taomlar chang, ifloslik va hasharotlar ta’siriga ochiq bo‘ladi.
👶👵 Ayniqsa bolalar, keksalar, homilador ayollar hamda surunkali kasalliklarga chalingan shaxslar uchun sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari juda xavfli hisoblanadi.
✅ Oziq-ovqat xavfsizligi qoidalariga rioya qiling — Yangi yilni salomatlikka ziyon yetkazmasdan, sog‘lom va xotirjam qarshi oling!











